Matbuot markazi — Toshkent Fintech Forum | 2026-yil 13–14 noyabr
17 Noyabr 2026

FINOBOD 2026: ikki kun, yangi g‘oyalar va xalqaro imkoniyatlar

13–14-noyabr kunlari Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida 16 mamlakatdan 1 500 nafardan ortiq ishtirokchini birlashtirgan Tashkent FinTech International Forum — FINOBOD 2026 xalqaro innovatsion texnologiyalar forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazmunli ikki kun, 18 ta mavzuli yo‘nalish bo‘yicha 37 ta ishbilarmonlik tadbiri, yetakchi ekspertlar, jonli munozaralar, yangi aloqalar va hamkorlik istiqbollari — FINOBOD 2026 ana shunday o‘tdi. Forumning jonli efiri ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Ishtirokchilar e’tibor markazida moliya sohasining kelajagi, sun’iy intellekt, transchegaraviy to‘lovlar, raqamli aktivlar, investitsiyalar va texnologik hamkorlik masalalari bo‘ldi. Bu yil forumning ishbilarmonlik dasturi an’anaviy fintex yo‘nalishlari doirasidan ancha kengayib, sanoatni raqamlashtirish, kosmik texnologiyalar, telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm va kreativ industriyalarni ham qamrab oldi.

Spikerlarning yuqori professional darajasi va ochiq muloqot formati forumning o‘ziga xos jihatlaridan biriga aylandi. Yalpi majlislar va mavzuli munozaralar ishtirokchilarga soha yetakchilarining fikrlarini tinglash, dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish va amaliy yechimlar bilan tanishish imkonini berdi.

Zamonaviy xalqaro ishbilarmonlik muhiti va O‘zbekistonning boy milliy madaniyati uyg‘unligi FINOBOD 2026 forumiga o‘zgacha muhit bag‘ishladi. Ochilish marosimida yangragan milliy cholg‘u asboblari, maydonning o‘ziga xos bezatilishi va o‘zbekona mehmondo‘stlik mazmunli ishbilarmonlik dasturini yanada boyitdi.

FINOBOD 2026 yakunlandi, ammo forumda boshlangan muloqot davom etmoqda. Yangi ishbilarmonlik aloqalari, g‘oyalar va tashabbuslar xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Kelgusi yilgi forumda ishtirok etish uchun hozirdanoq arizalar, jumladan, yangi mamlakatlar vakillaridan ham kelib tushmoqda.

Barcha ishtirokchilar, spikerlar, moderatorlar va hamkorlarga faol ishtiroki, ochiq muloqotga tayyorligi hamda FINOBOD rivojiga qo‘shgan hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz!

FINOBOD 2027 forumida ko‘rishguncha!