Matbuot markazi — Toshkent Fintech Forum | 2026-yil 12–14 noyabr
14 Iyul 2026

FINOBOD. Tashkent International FinTech Forum 2026 forumida superilovalar va raqamli ekotizimlarning kelajagi muhokama qilinadi

FINOBOD. Tashkent International FinTech Forum 2026 ishbilarmonlik dasturining asosiy sessiyalaridan biri «Superilovalar: qulay interfeysdan raqamli iqtisodiyotning yangi arxitekturasigacha» mavzusidagi muhokama bo‘ladi.

Bugungi kunda superilovalar oddiy to‘lov xizmatlari uchun mo‘ljallangan mobil ilovalar bo‘lishdan chiqib ketdi. Ular moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, logistika, davlat xizmatlari, sug‘urta, investitsiyalar va kundalik raqamli servislarni yagona foydalanuvchi makonida birlashtiruvchi to‘liq raqamli ekotizimlarga aylanmoqda.

Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan superilovalar raqamli iqtisodiyotning yangi infratuzilmasiga aylanib, biznes, davlat va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik modellarini o‘zgartirmoqda.

Sessiya doirasida ekspertlar quyidagi masalalarni muhokama qiladilar:

  • superilovalarni yangi raqamli infratuzilma sifatida rivojlantirish;
  • to‘lov, bank, sug‘urta va investitsiya xizmatlarini yagona ekotizimga integratsiya qilish;
  • ma’lumotlarni monetizatsiya qilish va ichki moliyaviy xizmatlar;
  • superilovalarning an’anaviy banklar bilan raqobati;
  • monopoliyaga qarshi tartibga solish, ma’lumotlarni himoya qilish va kiberxavfsizlik masalalari;
  • Xitoy, Hindiston, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy raqamli platformalarni yaratish tajribasi.

Markaziy Osiyoda superilovalarni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratiladi. Mintaqada raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi moliyaviy, davlat va tijorat xizmatlarini birlashtiruvchi milliy platformalarning shakllanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Muhokamada yetakchi banklar, fintech kompaniyalari, raqamli platformalar operatorlari, davlat organlari vakillari, investorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Sessiya kelgusi yillarda superilovalar qanday rivojlanishi, ular biznes va davlat uchun qanday yangi imkoniyatlarni ochib berishi, shuningdek barqaror va raqobatbardosh raqamli ekotizimni shakllantirish uchun qanday muammolarni hal qilish zarurligini muhokama qilish uchun professional maydon yaratadi.